Bugun Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisi boʻlib oʻtdi.
Majlisda “O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan kommunal xo‘jaligi xodimi” faxriy unvonini ta’sis etishni nazarda tutuvchi qonun loyihasi birinchi o‘qishda ko‘rib chiqildi.
Ushbu qonun loyihasining asosiy maqsadi — kommunal xo‘jaligi xodimlarining ko‘p yillik halol va samarali mehnatini e’tirof etish, ularning jamiyatdagi nufuzi va ijtimoiy maqomini oshirish, moddiy va ma’naviy jihatdan qo‘llab-quvvatlash hamda sohada yuqori kasbiy madaniyat, mas’uliyat va fidoyilikni rag‘batlantirishdan iborat.
Hujjat bilan “O‘zbekiston Respublikasida kommunal, maishiy va savdo sohasida xizmat ko‘rsatgan xodim” faxriy unvoni negizida “O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan kommunal xo‘jaligi xodimi” faxriy unvoni ta’sis etilmoqda.
🏘Vazir o’rinbosari Ozoda Jo’rayeva qayd etganidek, qonun loyihasining qabul qilinishi sohadagi xodimlarning kasbiy faoliyatini munosib qo‘llab-quvvatlash, yosh va malakali kadrlarni sohaga jalb etish imkoniyatlarini kengaytirish hamda kommunal xo‘jaligi tizimida xizmatlar sifati va samaradorligini oshirishga xizmat qiladi.
Ma’lumot oʻrnida, qonun loyihasi uchinchi o‘qishda qabul qilindi va Senatga yuborildi.





