Qovunning ham tili bo’ladi deyishadi. Uning tili — ta’mi, hidi, rangi va navlarida, eng muhimi, uni yetishtirgan dehqonning mehnatida namoyon bo’ladi. Sirdaryo qovunlarida esa vohaning quyoshi, saxovatli zamini, suvi va mirishkor bobodehqonlarning yillar davomida shakllangan tajribasi mujassam.
Guliston shahrida «Sirdaryoda biznes qiling!» xalqaro investitsiya forumi doirasida tashkil etilgan «Qovun sayli» va «Etno-folklor» festivali oddiy sayildan ko’ra kengroq mazmun kasb etdi. Unda Sirdaryoning agrar salohiyati, milliy qadriyatlari, hunarmandchilik an’analari va turistik imkoniyatlari bir maydonda namoyon bo’ldi.






