Avgust oyining ikkinchi yakshanbasi mamlakatimizda Qurilish sohasi xodimlari kuni sifatida nishonlanadi. Shu munosabat bilan poytaxtimizda tantanali tadbir tashkil etildi. Unda davlatimiz rahbarining soha vakillariga bayram tabrigini o‘qib eshittirdim.
Qutlovda so‘nggi yillarda qurilish industriyasi ulkan sur’atlar bilan rivojlanib, milliy iqtisodiyotimizning asosiy drayverlaridan biriga aylangani qayd etilgan.
Agar 2016 yilda qurilish ishlari hajmi 30 trillion so‘m bo‘lgan bo‘lsa, 2024 yilda bu ko‘rsatkich qariyb 234 trillion so‘mga yetdi. O‘tgan yili 40,5 million kvadrat metrdan ortiq bino va inshoot qurilgan bo‘lsa, joriy yilda bu raqam 45 million kvadrat metrdan oshishi kutilmoqda. Bugungi kunda aholi jon boshiga to‘g‘ri keladigan uy-joy hajmi 2020 yildagi 16 kvadrat metrdan 19 kvadrat metrga yetib, 2024 yilda 100 mingdan ziyod xonadonga ega bo‘lgan 2 mingdan ortiq ko‘p qavatli uy barpo etildi
“Yangi O‘zbekiston” massivlaridagi keng ko‘lamli qurilishlar, “Yangi Toshkent” loyihasi, yirik madaniyat va ta’lim maskanlarining barpo etilishi xalqimiz bunyodkorlik salohiyatining yorqin namunasi sifatida tilga olindi. Shu bilan birga, raqamlashtirish, “Shaffof qurilish” tizimi, tender platformasi, “eskrou” amaliyoti kabi zamonaviy yechimlar soha faoliyatini yanada samarali qilishga xizmat qilayotgani ta’kidlandi.
Prezidentimiz o‘z tabrigida har bir qurilgan bino, har bir ko‘cha va shaharcha kelajak avlodlar uchun bebaho meros ekanini alohida ta’kidlab, Yangi O‘zbekistonning zamonaviy, obod va ko‘rkam qiyofasini shakllantirishda muhandis va me’morlar, loyihachi va mutaxassislar, usta va ishchilarning fidokorona mehnatiga ishonch bildirdi.
Kasb bayramingiz muborak bo‘lsin, hurmatli bunyodkorlar!









