“Atmosfera havosi sifatini yaxshilashga qaratilgan “Toza havo” umummilliy loyihasini amalga oshirish boʻyicha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi Prezident Farmoni (PF–46-son, 25.03.2026-y.) qabul qilindi.
Farmonga koʻra, 2026-yil 1-iyundan:
qurilish obyektlarida quyidagi ekologik talablarni joriy qilish majburiyatlari kiritiladi:
qurilish obyektlarini fon monitoring stansiyalari bilan jihozlash va Ekologiya qoʻmitasining yagona geoaxborot maʼlumotlar bazasiga integratsiya qilish;
onlayn nazorat qilish uchun qurilish maydoni boʻylab va chiqish nuqtalarida onlayn kameralar oʻrnatish va Ekologiya qoʻmitasining yagona geoaxborot maʼlumotlar bazasiga integratsiya qilish;
huquqbuzarlik sodir etgan qurilish tashkilotlarining “Shaffof qurilish” milliy axborot tizimidagi reyting ballarini kamaytirish amaliyotini joriy qilish;
qurilish obyektlari boʻyicha loyiha-smeta va shaharsozlik hujjatlarini ekspertizadan oʻtkazishda majburiy ravishda ekologik ekspertiza xulosasini taqdim etish tartibi joriy qilinadi;
yangi quriladigan, balandligi yer yuzasidan 12 metrdan va (yoki) umumiy maydoni 500 metr kvadratdan ortiq boʻlgan bino va inshootlarni loyihalashtirishda ularga tutash hududlarning koʻkalamzorlashtirish maydonlari loyiha uchun ajratiladigan yer uchastkalari umumiy maydonining 30 foizidan kam boʻlishiga yoʻl qoʻyilmaydi.



