Yerga bo’lgan huquq kafolatlari

0
30

O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 55-moddasiga muvofiq, yer, yer osti boyliklari, suv, o’simlik va hayvonot dunyosi hamda boshqa tabiiy zahiralar umummilliy boylikdir, ulardan oqilona foydalanish zarur va ular davlat muhofazasidadir.

O’zbekiston Respublikasi Yer kodeksining 17-moddasida “Yuridik shaxslar ushbu Kodeks va boshqa qonun hujjatlariga muvofiq doimiy egalik qilish, doimiy foydalanish, muddatli (vaqtincha) foydalanish, ijaraga olish va mulk huquqi asosida yer uchastkalariga ega bo’lishlari mumkin. Jismoniy shaxslar ushbu Kodeks va boshqa qonun hujjatlariga muvofiq meros qilib qoldiriladigan umrbod egalik qilish, doimiy foydalanish, muddatli (vaqtincha) foydalanish, ijaraga olish va mulk huquqi asosida yer uchastkalariga ega bo’lishlari mumkin” deb belgilangan.

O’zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 8-iyundagi PF-6243-sonli “Yer munosabatlarida tenglik va shaffoflikni ta’minlash, yerga bo’lgan huquqlarni ishonchli himoya qilish va ularni bozor aktiviga aylantirish chora-tadbirlari to’g’risida”gi Farmoni jismoniy va yuridik shaxslarning yerga bo’lgan huquqlarining chin ma’nodagi kafolati bo’ldi.

Xususan, Farmonga muvofiq, yer uchastkalari xususiy sektorga — mulk va ijara huquqi asosida, davlat organlari, muassasalari, korxonalari, fuqarolarning o’zini o’zi boshqarish organlariga esa — doimiy foydalanish huquqi asosida ajratilishi, meros qilib qoldiriladigan umrbod egalik, doimiy egalik, vaqtincha foydalanish huquqi bilan yer ajratish tartibi bekor qilinishi, bunda ilgari ajratilgan yer uchastkalariga bo’lgan bunday huquqlar ularning egalarida amaldagi tartibda saqlanib qolishi, ijaraga olingan yer uchastkasida qonunchilikda belgilangan tartibda qurilgan ko’chmas mulk obyektiga mulk huquqi boshqa shaxsga o’tgan taqdirda, ushbu obyektga mulk huquqi bilan birgalikda u joylashgan yer uchastkasiga bo’lgan ijara huquqi ham yangi mulkdorga o’tishi, qishloq xo’jaligiga mo’ljallangan yerlar barcha turdagi qishloq xo’jaligi tovar ishlab chiqaruvchilari ishtirok eta oladigan, natijalari Qoraqalpog’iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlarining qarori bilan tasdiqlanadigan ochiq elektron tanlov yakunlariga ko’ra, faqat ijara huquqi asosida ajratilishi, qishloq xo’jaligiga mo’ljallanmagan yerlar mulk huquqi va ijara huquqi asosida elektron onlayn-auktsion orqali realizatsiya qilinishi, davlat tashkilotlariga yer uchastkalari davlat va jamoat ehtiyojlari uchun Qoraqalpog’iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlarining qarori bilan doimiy foydalanish huquqi bilan ajratilishi, barcha hollarda yer uchastkalari faqat bo’sh turgan va zahiraga olingan yerlardan ajratilishi, ayni bir hujjat bilan yoki bir vaqtning o’zida yer uchastkasini olib qo’yish, zahiraga olish, boshqa shaxsga ajratish yer berish tartibini buzish hisoblanishi va qonunga muvofiq javobgarlikka tortish uchun asos bo’lishi belgilab qo’yildi.

Bundan tashqari, Farmon bilan mahalliy davlat hokimiyati organlarining yer munosabatlariga oid yer uchastkalarini to’g’ridan-to’g’ri ajratish, foydalanishga berish, kelgusida ajratish uchun zahiralash, biriktirish, obodonlashtirish uchun berish yoki yerlarni boshqacha yo’l bilan tasarruf qilish, tuman va shahar mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan yer uchastkalariga bo’lgan huquqlarni belgilash, e’tirof etish, o’zgartirish, bekor qilish, sug’oriladigan yerlarni sug’orilmaydigan yerlar toifasiga yoki boshqa yer toifasiga, sug’orilmaydigan qishloq xo’jaligi yerlarini boshqa yer toifasiga o’tkazish, jamoa bog’dorchiligi, uzumchiligi va polizchiligi hamda yordamchi qishloq xo’jaligini yuritish uchun yer berish, xususiylashtiriladigan yer uchastkalariga nisbatan investitsiya majburiyatlari yoki xususiy mulkni erkin tasarruf etishni cheklaydigan boshqa majburiyatlarni belgilash kabi vakolatlari, ular yuzasidan qaror, farmoyish yoki boshqa turdagi hujjat qabul qilish huquqi 2021-yil 1-avgustdan bekor qilinishi qayd etildi.

Shuningdek, Farmon bilan belgilangan yer munosabatlaridagi islohotlarni ijrosini ta’minlash borasida, «Yer uchastkalarini ajratish va ulardan foydalanish tartibi takomillashtirilishi munosabati bilan O’zbekiston Respublikasining Yer kodeksiga o’zgartish va qo’shimchalar kiritish to’g’risida»gi, «Yer hisobi va davlat kadastrlarini yuritish tizimi takomillashtirilishi munosabati bilan O’zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o’zgartish va qo’shimchalar kiritish to’g’risida»gi, «Qishloq xo’jaligiga mo’ljallanmagan yer uchastkalarini xususiylashtirish to’g’risida»gi O’zbekiston Respublikasi Qonuniga o’zgartirish va qo’shimchalar kiritish to’g’risida»gi qonun loyihalarini ishlab chiqish vazifasi belgilab berildi.

Mazkur Farmon ijrosining ta’minlanishi, hamda tegishli qonun hujjatlarining qabul qilinishi orqali kelgusida mulkdorlarning yer uchastkalariga bo’lgan huquqlarining to’laqonli kafolati yaratiladi.

Muallif: Sirdaryo xabarlari

JAVOB QOLDIRING

Please enter your comment!
Please enter your name here