Yakka tartibda uy-joy qurilishi boʼyicha yangi qaror loyihasi

0
231

O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Yakka tartibdagi uy-joy qurilishi sohasidagi seysmik va yongʼin xavfsizligini taʼminlash hamda sohani tartibga solish mexanizmlarini takomillashtirish toʼgʼrisida”gi qarori loyihasi eʼlon qilindi.
Qaror loyihasi bilan Yakka tartibdagi uy-joy qurishni amalga oshirish tartibi toʼgʼrisida nizomni tasdiqlash va Oʼzbekiston Respublikasi hukumatining ayrim qarorlari oʼz kuchini yoʼqotgan deb hisoblash nazarda tutilgan.

Yangi nizom “Loyiha hujjatlarini ishlab chiqish, tasdiqlash (kelishish), qurilishni amalga oshirish”, “Qurilishi tugallangan uy-joylarni foydalanishga qabul qilish va ularga boʼlgan huquqni davlat roʼyxatidan oʼtkazish” kabi boʼlimlar bilan toʼldirildi.

Nizomda:

uy-joy quruvchiga yakka tartibdagi uy-joy qurilishining borishi ustidan texnik nazorat funktsiyasini olib borish uchun shartnoma asosida ixtisoslashgan tashkilot (yuridik shaxs)ni yoki maxsus sertifikatlangan texnik nazoratchi (jismoniy shaxs)ni yollash huquqi berilmoqda;

yakka tartibdagi uy-joy qurilishida shaharsozlik normalari va qoidalariga hamda tasdiqlangan (kelishilgan) loyiha hujjatlariga rioya qilinishi ustidan nazorat qurilish vazirligining tuman (shahar) boʼlinmalari zimmasiga yuklatilmoqda;

fuqarolarga qulaylik yaratish maqsadida yakka tartibdagi uy-joy qurish (qayta qurish) uchun loyihalarni ishlab chiqish huquqi litsenziyalangan loyiha tashkilotlari bilan bir vaqtda Qurilish vazirligining hududiy boʼlinmalariga berilmoqda.

Shu bilan birga, yakka tartibda uy-joy qurilishida konstruktiv va zilzilabardoshlik xavfsizligi omillarini taʼminlash maqsadida baʼzi cheklovlar kiritilmoqda.

Jumladan:

ikki qavatdan yuqori (tsokolni hisobga olmagan holda), balandligi yer yuzasidan 12 metrdan va (yoki) umumiy maydoni 500 kvadrat metrdan ortiq boʼlgan yakka tartibdagi uy-joylarni qurish (qayta qurish) loyiha hujjatlari majburiy ekspertizadan oʼtkazilgan hamda obʼektning Qurilish vazirligi qoshidagi qurilish sohasida hududiy nazorat inspektsiyalari tomonidan davlat qurilish nazorati oʼrnatilgan holda amalga oshirilishi;

uy-joy quruvchilar tomonidan ikki qavatdan yuqori (tsokolni hisobga olmagan holda), balandligi yer yuzasidan 12 metrdan va (yoki) umumiy maydoni 500 kvadrat metrdan ortiq boʼlgan bino va inshootlarni qurilish tashkiloti bilan qurilish pudrati shartnomasini tuzmasdan qurish (qayta qurish) ishlarini amalga oshirilishiga yoʼl qoʼyilmasligi;

jismoniy shaxslar boʼlgan uy-joy quruvchilari xoʼjalik usulida amalga oshirishi mumkin boʼlgan qurilish ish turlari belgilab qoʼyilmoqda.

Tasdiqlashi koʼzda tutilgan nizomning kuchga kirishi yakka tartibda uy-joy qurilishida tartib oʼrnatish, past qavatli uy-joylar hududida noqonuniy ravishda koʼp qavatli koʼp kvartirali uy-joylar qurilishining oldini olish, turar joy binolarida konstruktiv, seysmik va yongʼin xavfsizligini taʼminlashga ijobiy taʼsir koʼrsatishi aytiladi.

Muallif: Kun.uz