Shaharsozlik kodeksi yangi tahrirda qabul qilindi

0
114

2021-yil 22-fevral kuni «Oʼzbekiston Respublikasining Shaharsozlik kodeksini tasdiqlash haqida»gi qonun prezident tomonidan imzolandi. Qonun bilan Shaharsozlik kodeksi yangi tahrirda tasdiqlandi.

85 ta moddadan iborat yangi tahrirdagi kodeksda asosan quyidagi yangiliklar aks etgan:

  • «aholi punkti», «shahar», «shaharcha» va «qishloq (ovul)» kabi obʼektlar turlari, «oʼzboshimchalik bilan qurilish qilish», «urbanizatsiya» tushunchalari, shaharsozlik faoliyatida fuqarolar muhokamasi ishtiroki va boshqa iboralarga tushunchalar berilmoqda;
  • shaharsozlik faoliyatining asosiy printsiplari alohida moddada oʼz aksini topgan boʼlib, ushbu printsiplar aholi punktlarining kompleks va barqaror rivojlanishini taʼminlash, qurilishga ruxsat berish jarayonining oshkoraligi va ochiqligini taʼminlash kabi masalalarga yoʼnaltirilgan;
  • shaharsozlik normalari va qoidalarini ishlab chiqish yuzasidan tegishli normaga yangi meʼyorlar kiritilib, ular bilan vazirlik va idoralar shaharsozlik qoidalarini ishlab chiqish va tegishli oʼzgartishlarni, shuningdek, shaharsozlik normalaridan chekinish zarurati vujudga kelganda maxsus texnik shartlar ishlab chiqilishini maxsus vakolatli davlat organi bilan kelishib borish yoʼlga qoʼyilishi belgilanmoqda;
  • loyiha hujjatlarini ekspertizadan oʼtkazish boʼyicha yangi moddalar kiritilib, mazkur moddalarda ekspertlarning huquqlari va javobgarligi, jumladan, har bir ekspert bergan xulosasi yuzasidan qonun oldida javob berishi belgilanmoqda;
  • qurilishni nazorat qilish borasida yangi normalar kiritilgan boʼlib, ular bilan qurilishni nazorat qilish turlari, qurilishni davlat tomonidan nazorat qiluvchi inspektsiyalar, texnik, mualliflik va ichki nazoratning vakolatlari belgilanmoqda;
  • qurilishda sugʼurtalash boʼyicha yangi modda kiritilmoqda;
  • aholi punkti bosh rejalarining loyihalari muhokamasida jamoatchilik ishtirokini taʼminlashga qaratilgan alohida moddalar kiritilib, ular shaharsozlik sohasida qarorlarni qabul qilishda fuqarolar fikrlari keng oʼrganilishiga, ortiqcha mablagʼlar sarflanishi hamda insonlar noroziligining oldini olishga qaratilgan;
  • shaharsozlik hujjatlarini ishlab chiqish va amalga oshirishdagi taqiqlarni aks ettiruvchi yangi meʼyorlar kiritilib, ular qurilish jarayoniga vakolatga ega boʼlmagan shaxslarning aralashuviga chek qoʼyish, shaharlar va tumanlar markazlarida qurilishi tugallangan mavzelar, koʼp qavatli turar joy mikrorayonlari hududlarida bosh rejalarda nazarda tutilmagan ishlab chiqarish, savdo, umumiy ovqatlanish, servis xizmati koʼrsatish va bozor infrastrukturasining obʼektlarini qurishni taqiqlash, eng asosiysi, yakka tartibda uy-joy qurish uchun ajratilgan yer uchastkalarida uch va undan ortiq qavatli (koʼp kvartirali) uylarni qurishni taqiqlashga yoʼnaltirilgan;
  • yuridik va jismoniy shaxslarga yetkazilgan zararning oʼrni qoplanishining asosiy yoʼnalishlarini belgilab beradigan norma yangi bandlar bilan toʼldirilib, ular hududlarni kompleks rivojlantirishga qaratilgan davlat dasturlari va investitsiya loyihalari doirasida fuqarolar va tadbirkorlik subʼektlariga tegishli boʼlgan bino va inshootlar joylashgan yer uchastkalari olib qoʼyilishi munosabati bilan mulkdorlarning qonuniy huquq va manfaatlari kafolatlarini yanada mustahkamlashni taʼminlashga hamda yetkazilgan zararlarni qoplashda yoʼl qoʼyilayotgan kamchiliklarni bartaraf qilishga imkoniyat yaratishga qaratilgan.

Shaharsozlik kodeksining avvalgi tahriri 2002-yil 4-aprelda tasdiqlangan boʼlib, 59 ta moddadan iborat edi.

Shaharsozlik kodeksining yangi tahriri 2020-yil 26-avgust kuni Qonunchilik palatasi tomonidan qabul qilingan hamda 2021-yil 6-yanvar kuni Senatning oʼn birinchi yalpi majlisida maʼqullangan edi.

Muallif: Kun.uz