Sardoba suv ombori qayta quriladi

0
132

Sirdaryo viloyatidagi Sardoba suv omoborini qayta tiklash bo‘yicha Vazirlar Mahkamasining yopiq (xizmat doirasida foydalanish uchun) qarori qabul qilingan. Bu haqda Qurilish vazirligining Loyiha-qidiruv tashkilotlari faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasi boshlig‘i Nasrullo Boboyev “Daryo” muxbiri Musulmonbek Ibrohimov bilan suhbatda ma’lum qildi.

Boboyevning so‘zlariga ko‘ra, qaror asosida juda katta hajmdagi muhandislik-qidiruv ishlari amalga oshirilmoqda, xususan, laboratoriya tahlillari olinib, ilmiy-texnik asoslash maqsadida izlanishlar davom etyapti.

“Obyektning amaldagi holati dastlabki loyiha yechimlariga qanchalik muvofiqligi ham tekshirilmoqda. Bu o‘rganishlar ertaga shunday noxush holat yana takrorlanmasligi, shu kabi falokatlarning oldini olish uchun qilinmoqda”, — dedi vazirlik ma’suli.

Suv omborini qayta qurish bo‘yicha loyiha tashkiloti tomonidan loyiha-smeta hujjatlari ishlab chiqilgan bo‘lib, unga ko‘ra obyektda tiklash ishlari ikki bosqichda amalga oshiriladi. Biroq mas’ul qurilish muddatlarini ochiqlay olmasligini bildirgan.

“Sababi — bu yopiq qaror bilan belgilangan. Hukumat tomonidan grafik qilingan va mas’ul xodimlar belgilangan. Reja bo‘yicha tegishli vazirlik va idoralarning biriktirilgan tashkilotlari o‘z ishini qilmoqda”, — dedi Boboyev.

Birinchi bosqichda to‘g‘on yon-bag‘irlarida hosil bo‘lgan yoriqlarni texnik nuqtayi nazardan bartaraf etish va qayta ishga tushirish ko‘zda tutilgan. Bunda ularning suvni qabul qila olish qobiliyati va boshqa ilmiy-texnik izlanish natijalari o‘rganib chiqiladi.

“Xulosalar qabul qilinib, ilmiy-texnik izlanishlar yakunlangach, to‘g‘onni tiklash ishlari ikki bosqichda amalga oshirish rejalashtirilgan”, — dedi Boboyev. Uning qo‘shimcha qilishicha, hozirda Suv xo‘jaligi vazirligi mutaxassislari boshchiligida omborning suv bosimiga bardoshlilik qobiliyati, unga aslida qancha miqdorda suv to‘ldirish mumkinligi ilmiy o‘rganilmoqda.

“Holat qo‘shni davlatlarga ham taalluqli bo‘lgani bois ilmiy o‘rganishlarga nafaqat mahalliy mutaxassislar, balki chet el ilmiy-tadqiqot markazlari ham jalb qilingan. Bunda bir nechta mustaqil ekspertlar guruhi qilingan ishlar natijalarini tahlil qiladi va o‘z xulosalarini beradi. Shundan kelib chiqib, keyingi bosqich ishlari davom ettiriladi”, — dedi Boboyev.

Muallif: Daryo.uz

JAVOB QOLDIRING

Please enter your comment!
Please enter your name here