Qashqadaryoda qurilish talablarini buzgan bir qancha kompaniyalarga chora ko‘rildi

0
156

Qashqadaryoda qurilish talablarini buzgan va qurilayotgan obyektni ekspertizadan o‘tkazmagan kompaniyalarga nisbatan chora ko‘rilmoqda. Qarshi shahri “Sho‘rtan” MFY hududidagi “1-son kompleks loyiha qurilish va montaj” xususiy korxonasi tomonidan qurilayotgan ko‘p qavatli turar joy binosi o‘rganilganda “Qurilishda ishlab chiqarishni tashkil qilish” talablariga asosan obyektda majburiy yuritilishi lozim bo‘lgan ijro hujjatlari yuritilmagani, binoda ishlatilgan monolit temir beton konstruksiyalarining loyihaviy mustahkamligiga mos kelishi bo‘yicha laboratoriya sinov xulosalari olinmaganligi aniqlangan.

Shuningdek, Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 18-maydagi 370-sonli qarori bilan tasdiqlangan nizom talablari, ya’ni shaharsozlikka ruxsat beruvchi hujjatlar rasmiylashtirilmagani hamda 5-ilovasiga asosan hududiy inspeksiyani xabardor etmasdan qurilish-montaj ishlari boshlangani ma’lum bo‘lgan.

Ushbu aniqlangan kamchiliklar bo‘yicha pudratchi tashkilotga nisbatan 2020-yil 24-dekabrdagi 1154-sonli yozma ko‘rsatma berilib, kamchiliklar bartaraf etilmagani sababli ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risida bayonnoma rasmiylashtirilib, tegishli sudga topshirilgan.

Bundan tashqari, Qarshi shahrining Islom Karimov hamda Tupxona ko‘chasi chorrahasida “Ulkan inshoot qurilish servis” MChJ tomonidan qurilayotgan mehmonxona binosida o‘rganish olib borilganda qurilayotgan binoda ham yuqoridagi kamchiliklar aniqlangan. Ma’lum bo‘lishicha, qurilayotgan obyektda ishlatilayotgan qurilish materiallarining sifat hujjatlari mavjud emas, temir beton konstruksiyalarida ishlatilgan beton qorishmalarining loyihaviy mustahkamligiga mosligi bo‘yicha laboratoriya sinov xulosalari olinmagan.

Mazkur aniqlangan kamchiliklar hududiy inspeksiya tomonidan 1136-sonli yozma ko‘rsatmada belgilangan muddatda bajarilmagani sababli ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risida bayonnoma rasmiylashtirilib, tegishli sudga yuborilgan.

Shuningdek, Qarshi shahrining Jayxun ko‘chasi hududida “Nazira” xususiy korxonasi tomonidan qurilayotgan “Avtomobillarga texnik xizmat ko‘rsatish shoxobchalari va naves” qurilishi hududiy inspeksiyani xabardor etmasdan boshlangani sababli obyektda inspeksiyaning 181-sonli ishlab chiqarish buyrug‘iga asosan qisqa muddatli inspektorlik tekshiruvi o‘tkazilgan.

Obyektda “Qurilishda ishlab chiqarishni tashkil qilish” qoidasining 7.2-bandi talabiga zid ravishda qurilish poydevorining tuproqosti zichligini aniqlash bo‘yicha laboratoriya sinov xulosalari olinmagani, ishlab chiqilgan ishchi loyihada “naves” qurilishi ishlarida ustunlarga D150 millimetrli metall quvurlar, tom yopma ishlarida metall fermalar ko‘rsatilgan bo‘lib, amalda QMQ 2.01.03-96 “Zilzilaviy hududlarda qurilish” qoidasi va loyiha talabida zid ravishda ustunlar o‘rniga oldin foydalanilgan yig‘ma temir beton ustunlar va kolonnalar montaj qilingani aniqlangan.

Aniqlangan kamchilik va nuqsonlar bo‘yicha pudrat tashkilot “Nazira” xususiy korxonasi rahbari nomiga 980-sonli yozma ko‘rsatma berilgan bo‘lib, belgilangan muddatda bajarilmagani sababli ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risida bayonnoma tuzilib, tegishli sud organiga yuborilgan.

Qamashi tumanining “Oqguzar” MFY hududida esa “Zamin metan servis” MChJ tomonidan qurilayotgan 2 qavatli supermarket binosi qurilishi hududiy inspeksiyani xabardor etmasdan boshlangani sababli obyektda inspeksiyaning 8-sonli ishlab chiqarish buyrug‘iga asosan, qisqa muddatli inspektorlik tekshiruvi o‘tkazilgan.

Qisqa muddatli inspektorlik tekshiruvi jarayonida obyektda qurilishida ishlatilgan monolit temir beton konstruksiyalarining mustahkamligi loyihaga mosligi bo‘yicha laboratoriya sinov xulosalari olinmagani aniqlangan va bu kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha tegishli ko‘rsatmalar berilgan.

Muallif: Daryo.uz

JAVOB QOLDIRING

Please enter your comment!
Please enter your name here