O‘zbekistonda ko‘p qavatli uylar oldidagi bo‘sh turgan yerlar obodonlashtirish sharti bilan aholiga doimiy foydalanish uchun ajratiladi

0
100

2021-yil 30-dekabr kuni O‘zbekiston prezidenti “Atrof-muhitni muhofaza qilish hamda ekologik nazorat sohasidagi davlat organlari faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorni imzoladi. Ushbu qarorda 2022-yil 1-martdan boshlab davlat organlari, muassasalari va korxonalari, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari va ko‘p kvartirali uy-joylar mulkdorlariga ular egaligidagi bino va inshootlarga tutash (chegaradosh) bo‘lgan yer uchastkalari quyidagi shart va majburiyatlar bilan ularga doimiy foydalanish huquqi bilan ajratib beriladi:

  • yer uchastkalarini obod holda saqlash;
  • daraxtlar, butalar, boshqa o‘simliklar va nihollarni parvarish qilish va sug‘orish;
  • yig‘ishtirish-tozalash ishlarini amalga oshirish va chiqindi qutilarini o‘rnatish;
  • bolalar maydonchalari, o‘tirish joylari (skameykalar), tungi yoritish tizimini o‘rnatish, ta’mirlash va saqlash;
  • aholi uchun piyoda yo‘laklarini barpo etish, ta’mirlash va lozim darajada saqlash.

Shu bilan birga, doimiy foydalanish huquqi bilan ajratib beriladigan yer uchastkalarida bino, inshoot, ishlab chiqarish va noishlab chiqarish hamda yengil konstruksiyali obyektlarni o‘rnatish va qurish taqiqlanadi.

Yer uchastkalarini ajratib berish viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari zimmasiga yuklatilgan. Doimiy foydalanish huquqi bilan ajratib beriladigan yer uchastkalarida belgilangan shart va majburiyatlar bajarilishi ustidan nazorat ichki ishlar organlari jamoat xavfsizligi xizmati, Milliy gvardiyaning patrullikka jalb etilgan bo‘linmalari hamda ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish organlari tomonidan amalga oshiriladi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklariga 2023-yil 1-yanvarga qadar shaharlar va boshqa aholi punktlarida joylashgan hamda bo‘sh turgan obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirishga mo‘ljallangan yer uchastkalari tegishli davlat organlari, muassasalari va korxonalari, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari va ko‘p kvartirali uy-joylar mulkdorlariga ajratilishi topshirilgan. Keyinchalik ular doimiy ravishda shaharsozlik faoliyati natijasida shakllangan yangi obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirishga mo‘ljallangan yer uchastkalari belgilangan tartibda ajratilib borilishini ta’minlaydi.

Muallif: daryo.uz

JAVOB QOLDIRING

Please enter your comment!
Please enter your name here