O’zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod Shavkat Mirziyoyev Sirdaryo viloyati saylovchilari bilan uchrashuv o’tkazdi

0
23

Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O’zbekiston Liberal-demokratik partiyasidan O’zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod Shavkat Mirziyoyev 7-oktyabr kuni Sirdaryo tumanida viloyat saylovchilari bilan uchrashdi. Uchrashuvni nomzodning Sirdaryo viloyati bo’yicha ishonchli vakili P.Ahmedjonova ochdi.  

O’zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod Shavkat Mirziyoyev o’zining saylovoldi dasturi yuzasidan ma’ruza qildi.

Bu dastur mamlakatimiz taraqqiyotini yangi bosqichga ko’tarishga qaratilgan o’nta ustuvor yo’nalishdan iborat. Bular – iqtisodiyotni ilm va yuqori texnologiyalar asosida rivojlantirish, faol tadbirkorlik va manzilli moliyaviy ko’mak orqali kambag’allikni qisqartirish, qishloq xo’jaligida samaradorlikni oshirish, ta’lim sifatini yaxshilash va raqobatbardosh kadrlar tayyorlash, aholi salomatligini mustahkamlash, hududlarni mutanosib rivojlantirish, davlat boshqaruvi tizimini takomillashtirish, adolat va qonun ustuvorligini ta’minlash, ochiq va pragmatik tashqi siyosat yuritish, madaniy-ma’naviy sohalarni yuksaltirish yo’nalishlaridir.

Ma’ruzada Sirdaryo viloyatida yuz berayotgan o’zgarishlar qisqacha aytib o’tildi. Xususan, o’tgan besh yilda viloyatda mahalliy sanoat mahsuloti ishlab chiqarish va xizmat ko’rsatish hajmlari qariyb 2 barobarga oshgan.
Viloyatga jalb qilingan sarmoyalar hajmi 3,5 barobar, to’g’ridan-to’g’ridan xorijiy investitsiyalar esa 9 barobarga o’sgan.

Asosiy e’tibor mavjud muammolarni hal etish, viloyatni barcha sohalar bo’yicha rivojlantirish va aholi hayotini yaxshilash masalalariga qaratildi. 

Shu maqsadda nomzod tomonidan besh yillik dastur loyihasi ishlab chiqilgan. Xususan, qishloq xo’jaligi mahsulotlari ishlab chiqarish hajmini 2 barobarga oshirish mo’ljallangan. Bunga foydalanishdan chiqqan erlarni o’zlashtirish, melioratsiyani yaxshilash, urug’chilik, baliqchilik, chorvachilik va anor etishtirishni rivojlantirish orqali erishilishi aytildi.

Viloyatda sanoat ravnaqi, yuqori qo’shilgan qiymatli mahsulotlar ishlab chiqarish uchun imkoniyatlar ko’p. Shuning uchun har bir tumanda Loyiha guruhi tashkil etilib, “drayver” sohalardagi loyihalar moliyalashtirilishi ta’kidlandi.

Umuman olganda, viloyatda kelgusi besh yilda energetika, kimyo, to’qimachilik, qurilish materiallari, farmatsevtika va boshqa tarmoqlarda 5 milliard dollarlik 2 mingta investitsiya loyihasi amalga oshirilishi maqsad qilingan. Bu 60 mingta doimiy ish o’rni yaratish imkonini beradi. Shu davrda viloyat eksportini 5 barobarga oshirib, yiliga 1 milliard dollarga etkazish mumkinligi qayd etildi.

Nomzod uy-joy qurish, yo’l-transport va muhandislik infratuzilmasini rivojlantirish borasidagi vazifalarga ham to’xtaldi. Jumladan, kelgusi besh yilda 10 ming xonadonli uy-joylar barpo etilishi rejalashtirilgan. Ichimlik suvi va oqova tarmoqlari yaxshilanadi. Avtomobil yo’llari ta’mirlanadi va yangilari quriladi. Viloyatni Tojikiston orqali Farg’ona vodiysi bilan bog’lovchi tranzit avtobus yo’nalishlari yo’lga qo’yiladi.

Ta’lim, sog’liqni saqlash sohalaridagi rejalar ham bayon qilindi.

— Yangi O’zbekistonni barpo etish,  olib borayotgan islohotlarimizning samaradorligini oshirish uchun  bugun bizga ma’rifatli boshqaruv – ilm-fan va adolatli qonunlarga asoslangan, oqilona va samarali boshqaruv kerak. Endi odamlar dardiga beparvo  bo’lgan, “aytganim – aytgan,  deganim – degan” qabilida ishlaydigan rahbarlarni xalq ham, hayot ham qabul qilmaydi, — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Nomzod o’z dasturidagi rejalarni amalga oshirish uchun barcha imkoniyatlar borligi, bunda mehnatsevar sirdaryoliklar ishonchiga suyanishini ta’kidladi. Uchrashuvda partiya vakillari, mehnat faxriylari, yoshlar so’zga chiqib, O’zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida Shavkat Mirziyoyev nomzodini qo’llab-quvvatlashini ta’kidladi va boshqalarni ham shunga chaqirdi.

Muallif: sxabar.uz

JAVOB QOLDIRING

Please enter your comment!
Please enter your name here