“Loyiha-smeta hujjatlarisiz qurilish ishlarini boshlash man etiladi” — Shavkat Mirziyoyev

0
37

Endilikda mahalliy kengashlar har bir mahalla kesimida ijtimoiy soha, ichimlik suvi, yo‘l-transport va infratuzilma obyektlari “manzilli dasturi”ni tasdiqlaydi. Bu haqda 24-mart, chorshanba kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida ta’kidlandi.

“Har bir hokim o‘z hududi aholisiga murojaat bilan chiqadi va dasturda belgilangan vazifalarni, Prezident talabini yetkazadi. Bu murojaatda o‘sha hokim o‘z mas’uliyati, javobgarligini aniq belgilab oladi.

Tuman va shahar hokimining iqtisod, qurilish va mahalla masalalari bo‘yicha o‘rinbosarlari o‘z dasturlari doirasida zarur mablag‘lar va amalga oshirishi lozim bo‘lgan ishlarni aniq hisob-kitob qilib, mahalla raisi bilan birga hududiy kengashlarda himoya qiladi.

Mahalliy kengashlar har bir mahalla kesimida ijtimoiy soha, ichimlik suvi, yo‘l-transport va infratuzilma obyektlari ‘manzilli dasturi’ni tasdiqlaydi. Bunda dasturlar doirasida mahalla raislari va aholining ‘ijtimoiy hamkorligi’ni ham nazarda tutish zarur. Ya’ni davlat yangi yo‘l qurib bersa, uning atrofiga daraxt ekish, qazib berilgan ariq va zovurlarni keyinchalik tozalash, qurilgan binolarning butun saqlanishini ta’minlash bo‘yicha mahalla aholisi o‘ziga majburiyat oladi.

Umuman, viloyat, tuman va shahar hokimlari aniq bilib olsin — loyiha-smeta hujjatlarisiz qurilish ishlarini boshlash man etiladi va banklar ham pul o‘tkazmaydi”, — dedi davlat rahbari.

Muallif: Daryo.uz