
O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 16-maydagi “2022-2023 yillarda jamiyatda huquqiy madaniyatni yuksaltirish bo’yicha chora-tadbirlar dasturini tasdiqlash to’g’risida”gi 259-sonli qaroriga asosan barcha idora, muassasa va jamoat tashkilotlarida “Korrupsiyaga qarshi kurash” oyligi doirasida tadbirlar amalga oshirilmoqda. Shu munosabat bilan Sirdaryo viloyati qurilish bosh boshqarmasi, Qurilish sohasida hududiy nazorat inspeksiyasi, “Shaharsozlik hujjatlari ekspertizasi” DUK xodimlari ishtirokida “Korrupsiya – rivojlanishga to’siq” mavzusida seminar va davra suhbati o’tkazildi.
Tadbirda viloyat prokuraturasi, DXX, adliya boshqarmasi, diniy idora, jamoatchilik kengashi a’zolari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ham ishtirok etishdi.
Seminarni Sirdaryo viloyati qurilish bosh boshqarmasi boshlig’i o’rinbosari T.Sultonov ochib berdi. Shundan so’ng komplayens nazorat bo’limi boshlig’i O.Boborajabov so’zga chiqib, korrupsiya, uning turlari, kelib chiqish omillari, mamlakatimizda korrupsiyaga qarshi qonunchilikda qo’llaniladigan jazo choralari, korrupsiyaning oldini olish va unga qarshi kurashishda amalga oshirilgan ishlar to’g’risida ma’lumot berib, qisqacha taqdimot o’tkazdi.
O’zbekiston Respublikasi musulmonlar idorasi Sirdaryo viloyati vakili Q.Aslonov korrupsiya (“pora”)ning dinimiz islomda ham qoralanganligi, uning keltirib chiqaradigan salbiy oqibatlari haqida Qur’oni Karim oyatlari va hadislardan misol keltirib yig’ilganlarga tavsiflab berdi.
Viloyat prokuraturasi mas’ul xodimi D.Karimov yig’ilganlarga so’ngi ikki yilda aniqlangan korrupsion jinoyatlar va ular oqibatida respublika byudjetiga yetkazilgan zarar to’g’risida ma’lumot berdi. 2022-yilda korrupsion jinoyatlar 2021-yildagiga qaraganda oshganligi ham ta’kidlandi. Aynan qurilish sohasida aniqlangan korrupsion holatlar va ochilgan jinoiy ishlar haqida ham ma’lumotlar keltirdi.
Adliya boshqarmasi xodimi J.Boirov adliya vazirligining “Korrupsiyaga qarshi kurash to’g’risida”gi qonunda belgilangan vakolatlari haqida ma’lumot berib, davlat xizmatlari markazlari orqali ko’rsatilayotgan elektron xizmatlar tufayli inson omili kamayib, ko’plab korrupsion holatlarning oldi olinganligini ta’kidlab o’tdi.
Yig’ilish so’ngida DXX xodimi va kasaba uyushmalari federatsiyasi vakili ham so’zga chiqib korrupsiyaga qarshi kurash, uning oldini olish, sabablarini bartaraf etish, yangi tahrirdagi Mehnat kodeksi to’g’risida ma’lumotlar keltirishdi.
Bunday seminar, davra suhbatlarini kelajakda ham tez-tez uyushtirishga kelishib olindi.