Hamkasbimiz Javohir Qaynarov “Zakovat” breyn-ring turnirida faol ishtirok etdi

0
209

«Zakovat» breyn-ring turnirining Toshkent shahri va Toshkent viloyati g‘olib jamoalariga jami 130 million so‘mlik mukofot pullari topshirildi. Klub o‘yinlari uchun ajratilgan umumiy mukofot qiymati jami 1,7 milliard so‘mga yaqin.

Ma’lumki, 11 mart kuni Toshkent shahri va Toshkent viloyati ishtirokchilari o‘rtasida «Zakovat» breyn-ring turnirining final bosqichi bo‘lib o‘tdi. O‘yinda final g‘olibligi va 3-o‘rin uchun bahs o‘tkazildi va 3 ta jamoa g‘oliblikni qo‘lga kiritdi.

1-o‘rinni Farrux Rafiqov jamoasi egalladi, jamoaga 100 million so‘m pul mukofoti topshirildi.

2-o‘rinni «Ksenofont shogirdlari» jamoasi (20 million so‘mlik mukofot), 3-o‘rinni esa «Espero» jamoasi (10 million) egalladi.

«Zakovat» intellektual klubining o‘yinlari endi viloyatlarda ham davom etadi. Breyn-ring turnirlari uchun jami 1 mlrd 690 mln so‘m ajratilgan. Ajratilgan mablag‘ breyn-ring tanlovlari tashkil etilib, unda g‘olib bo‘lgan jamoalarga taqdim etib boriladi.

«Zakovat» intellektual klubining alohida nodavlat notijorat tashkiloti sifatida qayta faoliyat boshlashida faollik ko‘rsatgan Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi raisi Komil Allamjonov va fond raisi o‘rinbosari Saida Mirziyoyeva keyingi o‘yin Samarqand viloyati yoshlari uchun tashkil etilishini, ishtirokchilar bugundan ro‘yxatdan o‘tishi mumkinligini ma’lum qildi.

Samarqandda ham g‘olib jamoa taqdirlanishi rejalashtirilgan.

Intellektual klub a’zoligi uchun ariza berganlar soni 13 mingdan oshiq. Ularning 11 ming 111 nafari yakka tartibda ariza topshirganlar bo‘lsa, 1 932 kishi 322 ta jamoaga birlashgan holda ro‘yxatdan o‘tgan. O‘yin oldi saralash musobaqalarida alohida ro‘yxatdan o‘tgan ishtirokchilar uchun kasting tashkil etilib, ular to‘plagan natijasiga qarab jamoalarga birlashtiriladi va keyingi musobaqalarda qatnashadi. G‘olib jamoalarni esa oxirida million so‘mlik mukofotlar kutadi. 

Bir necha kunlik saralash bosqichlarida 600 ga yaqin jamoalar ishtirok etdi. Bizning qadrli jamoadoshlarimiz – haqiqiy intellektlar jamlangan “Metsenat” jamoasi Alloh nasib qilib eng kuchli 4 jamoa safiga kirdi.

Ayniqsa, ushbu jamoaning faol a’zosi, hamkasbimiz, Sardoba tumani qurilish bo’limi boshlig’i Javohir Qaynarovning o’rni va ishtiroki alohida tahsinga loyiq. Javohir nafaqat “Zakovat” breyn-ring turnirida balki o’z ish faoliyatida ham ilg’or harakatlari va xizmatlari bilan ajralib turadi. Boshqarma tomonidan berilgan topshiriqlarga alohida mas’uliyat bilan yondashadi. Bundan tashqari serg’ayrat, yangilikga intiruvchan va namuna qilib ko’rsatishga arzigulik hamkasbdir.

Aytish joizki, har 4 ta jamoada ham juda kuchli va ko‘p yillik bilimdonlar to‘plaganligi, ular safida bizning hamkasbimiz borligi hurmatga loyiq! Sirdaryo qurilish bosh boshqarmasi jamoasi Javohirga “Zakovat” breyn-ring turnirining kelgusi bellashuvlarida omad tilab qoladi!

Hurmat bilan!

Sirdaryo qurilish bosh boshqarmasi jamoasi!